Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 20-oktabr kuni favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, suv omborlari va ularga tutash hududlardan foydalanish hamda xavfsizlikni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan muhim taqdimot bilan tanishdi.

Taqdimot davomida zamonaviy shaharlarning jadal kengayishi, texnologik jarayonlar va global iqlim oʻzgarishi qutqaruv xizmatlari oldiga qoʻyayotgan yangi va murakkab vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Hozirgi kunda ayrim yongʻin-qutqaruv qismlarining joylashuvi, ularning eskigan binolari va moddiy-texnik bazasi zamonaviy talablarga va tezkor yordam koʻrsatish standartlariga toʻliq javob bermasligi tanqidiy qayd etildi.

Davlat rahbari islohotlarni amalga oshirishda bosh mezon har bir inson hayotini saqlab qolish boʻlishi shartligini qatʼiy taʼkidladi. Shu maqsadda amaliyotga “oltin daqiqa” qoidasini joriy etish, shahar hududlarida qutqaruvchilarning voqea joyiga yetib kelish vaqtini 5-7 daqiqagacha, shahar markazlaridan tashqaridagi hududlarda esa 15-20 daqiqagacha qisqartirish vazifasi qoʻyildi.

Aholisi 250 mingdan ortiq boʻlgan tuman va shaharlardagi 25 ta yongʻin-qutqaruv qismini qayta tashkil etish hamda ularni eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy texnikalar bilan taʼminlash rejalari eʼlon qilindi. Shuningdek, oʻta murakkab sharoitlarda vazifalarni bajaruvchi “Madad” milliy koʻp tarmoqli maxsus qutqaruv markazi, maxsus aviatsiya-qutqaruv boʻlimi hamda favqulodda vaziyatlarni boshqarish boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif etildi.

Yagona “112” dispetcherlik xizmatining faoliyatini yanada takomillashtirish, murojaat kelib tushgan daqiqadan boshlab uning ijrosigacha boʻlgan butun jarayonni qatʼiy nazorat qilish va tegishli idoralar oʻrtasidagi axborot almashinuvini tezlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Sohada raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, mamlakatdagi suv omborlarida qutqaruv xizmatlarini kengaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Maʼlum qilinishicha, mavjud 56 ta suv omborining atigi toʻrttasida shunday xizmat yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, “Karkidon” suv ombori tajribasi asosida professional qutqaruv tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Turizm obyektlari xodimlarini oʻqitish, shuningdek, suv omborlari atrofida xavfsizlik talablarini qatʼiy taʼminlash, turistik xizmatlarni sertifikatlash hamda tadbirkorlar uchun professional qutqaruv tuzilmalari bilan shartnoma tuzishni majburiy etib belgilash taklif qilindi.

Source: kun.uz