Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20-oktabr kuni mamlakatimizda intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish hamda energotejamkor limonchilik issiqxonalarini tashkil etish chora-tadbirlariga bagʻishlangan muhim taqdimot bilan tanishdi. Tadbir davomida qishloq xoʻjaligining ushbu tarmoqlarini rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Taqdimotda taʼkidlanganidek, kelgusida intensiv usuldagi baliqchilik koʻlamini kengaytirib, respublika miqyosida yiliga 1 million tonna baliq yetishtirishdek ulkan vazifa qoʻyilgan. Ushbu maqsadga erishish yoʻllari Andijon viloyatining Baliqchi tumani misolida batafsil koʻrib chiqildi. Xususan, tumandagi 24 ta meliorativ tik quduq atrofida chavoq va ozuqa taʼminotidan tortib, baliq yetishtirish, qayta ishlash, saqlash hamda sotish jarayonlarini oʻz ichiga olgan yaxlit intensiv baliqchilik majmualarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Har bir 50 sotixlik loyiha doirasida yiliga kamida 30 tonna qimmatbaho forel baligʻini yetishtirish va 10 ta yangi ish oʻrnini yaratish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, mazkur loyihalarni yagona tizimda boshqarish maqsadida maxsus baliqchilik xoldingini tashkil etish taklif etildi. Baliqchi tumani tajribasini mamlakatimizning boshqa hududlariga ham keng tatbiq etish koʻzda tutilgan boʻlib, bu borada 2027-yil 1-martga qadar respublikadagi 4 mingdan ortiq meliorativ tik quduqlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish topshirigʻi berildi. Baliq yetishtirish uchun yaroqli boʻlgan quduqlarni ilgʻor tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish nazarda tutilmoqda.
Taqdimotning ikkinchi qismi Baliqchi tumani misolida limonchilik tarmogʻini rivojlantirish masalalariga bagʻishlandi. Tumandagi toʻqqizta mahalla hududida 100 gektar yer maydonida energotejamkor issiqxonalar qurib, ularni tayyor holda tadbirkorlarga yetkazib berish rejalashtirilmoqda. Limon yetishtirish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash va sotish jarayonlari yagona kooperatsiya zanjiriga birlashtirilib, bu jarayonga ishsiz va kambagʻal oilalarni jalb etish ustuvor vazifa etib belgilandi.
Yakunda davlat rahbari ushbu ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, aholini baliqchilik va limonchilik sirlariga oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplab berish yuzasidan masʼul rahbarlarga aniq koʻrsatmalar berdi.
Source: kun.uz