Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yoʻl» nomli nufuzli butunjahon sammiti doirasida muhim xalqaro tashabbus eʼlon qilindi. Mazkur tadbirda turli davlatlarning birinchi xonimlari, shuningdek, BMT, UNICEF, Jahon banki va JSST kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarning yuqori martabali vakillari qatnashmoqda.

Anjuman davomida ogʻir va hayot uchun xavfli, jumladan, onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan Global tarmoq tuzilgani rasman maʼlum qilindi. Bu haqda AQShning «St. Jude» bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti Karlos Rodriges-Galindo oʻz nutqida batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanishicha, ushbu yangi Global tarmoq turli mamlakatlar yetakchilarining turmush oʻrtoqlari va birinchi xonimlarini yagona maqsad yoʻlida birlashtiradi. Uning asosiy vazifasi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ilgʻor tajriba almashish hamda ogʻir xastalikka yoʻliqqan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini yaxshilashdan iborat.

Qizigʻi shundaki, Oʻzbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva mazkur nufuzli Global tarmoqqa ikki yil muddatga rais etib saylandi. Ushbu lavozimga kirishish marosimi Bolalar onkologiyasi boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro kongress doirasida tashkil etilib, ishtirokchilar tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.

Tashkilotchilarning fikricha, ushbu tayinlov Oʻzbekistonda bolalar onkologiyasi xizmatini rivojlantirish yoʻlida erishilgan amaliy yutuqlarning munosib eʼtirofidir. Shu bilan birga, bu Ziroat Mirziyoyevaning saratonga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning sifatli tibbiy yordam olishini taʼminlash borasidagi faol saʼy-harakatlarining xalqaro miqyosdagi eʼtirofi sifatida baholanmoqda.

Source: kun.uz