Markaziy bankda moliyaviy xizmatlardagi komissiyalar va ularning shakllanish jarayoniga bagʻishlangan maxsus davra suhbati boʻlib oʻtdi. Ushbu uchrashuvda mamlakatimizdagi yetakchi banklar hamda toʻlov tashkilotlari vakillari ishtirok etib, oʻzlarining biznes modellarini va xizmat tariflari boʻyicha yondashuvlarini taqdim etishdi.
Tadbir davomida soʻz olgan Click asoschisi va rahbari Ulugʻbek Rustamov kartadan kartaga pul oʻtkazish xizmatlari ortidagi murakkab xarajatlar zanjiriga alohida toʻxtalib oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, har bir P2P (person-to-person) tranzaksiyasida protsessing tizimi, xizmat koʻrsatuvchi bank va toʻlov tashkilotining oʻrni bor boʻlib, ularning har biri oʻz xizmati uchun haq talab qiladi.
Rustamovning taʼkidlashicha, baʼzi tashkilotlar tomonidan taklif etilayotgan nol komissiyalar xarajat yoʻqligini anglatmaydi, aksincha, bu koʻpincha marketing xarajatlari sifatida baholanadi. Biroq, uning fikricha, banklar va toʻlov tashkilotlarining daromad topish imkoniyatlari keskin farq qiladi, bu esa bozor qoidalariga ta'sir ko'rsatmoqda.
Xususan, banklar mijozlarning hisob raqamlaridagi mablagʻlarni boshqa moliyaviy operatsiyalar va resurslar sifatida aylantirib daromad olishi mumkinligi, toʻlov tashkilotlarida esa bunday imkoniyatlar yoʻqligi qayd etildi. Shu boisdan, ba'zi bozor ishtirokchilarining nol tariflar bilan raqobatlashishi cheklangan imkoniyatlarga ega kompaniyalar uchun qo'shimcha qiyinchiliklar tug'dirishi mumkinligi muhokama qilindi.
Source: kun.uz