Respublika bo‘ylab aholi uchun mo‘ljallangan suyultirilgan gaz ballonlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi keng ko‘lamli tezkor tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlar Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh прокуратура, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda "O‘zenergoinspeksiya" xodimlari tomonidan hamkorlikda amalga oshirildi.
Joriy yilning 19-21-oktyabr kunlari o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 120 dan ortiq huquqbuzarlik holatlari aniqlandi. Ajablanarlisi shundaki, shularning 39 tasida bevosita gaz ta'minoti tashkilotlari xodimlarining qo‘li borligi fosh etildi. Noqonuniy muomaladan 3 mingdan ortiq gaz balloni va 13 636 kilogramm suyultirilgan gaz daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Xususan, Jizzax viloyatida 9 ta holatda 239 ta gaz balloni keyinchalik qayta sotish maqsadida yashirin saqlangani aniqlangan. Jumladan, Zomin tumani gaz ta'minoti bo‘limining sobiq yuqori lavozimli xodimi 152 ta ballonni qarindoshining uyida yashirincha saqlab kelgani ma'lum bo‘ldi. Sirdaryo, Navoiy, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida ham shunga o‘xshash qoidabuzarliklar qayd etilib, mas'ul xodimlar va tarqatuvchilarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Xususan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida gaz to‘ldirish shoxobchasi qo‘riqchisi 3 ta to‘ldirilgan ballonni 2,5 million so‘mga sotishga urinayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Namangan viloyatlarida ham aholi uchun ajratilgan gaz ballonlarini talon-toroj qilish hamda qimmat narxlarda sotish holatlari fosh etilib, tegishli choralar ko‘rildi.
Source: podrobno.uz