Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xavfsizlik Xizmati (SBU)da bo'ladigan kadrlar "tozalash"i haqida e'lon qildi. U bu haqda maxsus xizmat rahbariyati bilan bo'lgan yig'ilishdan keyin kechki murojaatida xabar berdi.
Foto: AP
Davlat rahbari aytishicha, 16-fevral kuni u SBU raisi vazifasini bajaruvchi Yevgeniy Xmara va uning o'rinbosari Aleksandr Pokladning Rossiya operatsiyalariga qarshi kurashga bag'ishlangan hisobotlarini tingladi. Zelenskiy ta'kidladi, Poklad, shuningdek, xizmat xodimlarining ichki tekshiruvi bilan shug'ullanadi.
"Aleksandr Poklad Xavfsizlik Xizmatini Ukraina emas, boshqa manfaatlarga xizmat qilayotganlardan tozalash bilan shug'ullanadi. Qat'iy harakatlar va haqiqatan ham to'liq kuchli Xavfsizlik Xizmati kerak. Men natijalarni kutaman", — dedi prezident.
Xuddi shu kuni Maxsus Korrupsiyaga Qarshi Prokuratura (MKP) SBUning yuqori martabali xodimiga nisbatan sudgacha bo'lgan tergovni yakunlaganligini ma'lum qildi. Ayblanuvchining ismi va lavozimi rasman ochiqlanmagan, ammo "Ukrainska Pravda" nashrining ma'lumotlariga ko'ra, bu Ilya Vityuk haqida.
Ukraina Milliy Korrupsiyaga Qarshi Byurosi (MKB) detektivlari bilan birgalikda o'tkazilgan tergov shuni aniqladiki, 2023-yil dekabr oyida gumon qilinuvchi 21,6 million grivna (500 ming dollar) qiymatidagi kvartirani qarindoshiga ro'yxatdan o'tkazib olgan. Shu bilan birga, sotib olish-sotish shartnomasida 12,8 million grivna (300 ming dollar) narx ko'rsatilgan.
Ish materiallariga ko'ra, mablag'larning kelib chiqishini tasdiqlash uchun oila a'zosi yuridik va konsalting xizmatlarini ko'rsatishdan olingan daromadlar haqida ariza bergan. Tergovchilar hisob raqamlarga mablag'lar tushganligini tasdiqlagan, ammo to'lovlar davlat temir yo'l kompaniyasi "Ukrzaliznytsya"dan mablag'larni o'g'irlashda gumon qilinayotgan shaxs tomonidan amalga oshirilganligini aniqlagan.
Source: kun.uz