Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmosga sunʼiy yo‘ldosh uchirish bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimotini ko‘rib chiqdi. Taqdimot davomida ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni yaratish loyihasi ham muhokama qilindi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Taqdimotda so‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda masofaviy zondlash maʼlumotlariga bo‘lgan talab 3 baravar oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ortiq davlat idoralari va barcha hokimiyatlar ishlayotgani taʼkidlandi.
– Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar yordamida biz "ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan" iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlaymiz va ularni haqiqiy daromad manbaiga aylantiramiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyatining o‘zgarishidan dalolat beradi, – dedi prezident.
Shu bilan birga, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sunʼiy yo‘ldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ularni amaliy qo‘llash infratuzilmasini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi. Buning maqsadi – suveren va obyektiv maʼlumot manbaiga ega bo‘lishdir.
Xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilib, sunʼiy yo‘ldoshning aniqlik va foydali yuk talablari belgilanganligi qayd etildi.
Taqdimot davomida ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni yaratish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislar tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda «Mirzo Ulug‘bek» nomli 6U formatidagi ilmiy sunʼiy yo‘ldoshni uchirish taklif qilindi.
Taqdimot yakunida Shavkat Mirziyoyev sunʼiy yo‘ldosh loyihalari bo‘yicha hisob-kitoblar va amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish uchun masʼul shaxslarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Source: kun.uz