Qirg'iziston Prezidenti Sadyr Japarov bir vaqtning o'zida uchta vazirlik rahbarlarini ishdan bo'shatdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati jurnalistlarga ma'lum qildi.
Foto: AKIpress
Imzolangan farmonga ko'ra, favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimidan Boobek Ajikeev ozod qilindi.
Shunga o'xshash farmonlar bilan tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Meder Mashiev, shuningdek, transport va kommunikatsiyalar vaziri Absattar Syrgabaev ham ishdan bo'shatildi. Kadr qarorlarining sabablari rasman ochiqlanmadi.
Shu bilan birga, Japarov mamlakatda davlat to'ntarishiga sharoit yo'qligini va amaldagi qonunchilik buning yuz berishiga imkon bermasligini aytdi. Prezidentning so'zlariga ko'ra, vaziyat uning nazorati ostida va "noto'g'ri narsalar" paydo bo'lsa, ularni bartaraf etish uchun tezkor ko'rsatmalar beriladi.
Source: kun.uz