Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyida muhtojlarga ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Mehribonlik tadbirlarini o‘tkazish uchun "Vaqf" jamoat xayriya jamg‘armasiga 750 milliard so‘m, Milliy ijtimoiy himoya agentligi orqali esa yana 300 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi, shuningdek, nogironlikka ega bo‘lgan shaxslarning davolanish va jarrohlik operatsiyalari xarajatlari qoplanadi.

Foto: prezident matbuot xizmati

16-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari keksalar, yolg‘iz va muhtoj fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilish, qiyin ahvolda qolgan oilalarga amaliy yordam ko‘rsatish ulug‘vor qadriyat ekanligini ta’kidladi.

Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun "Ramazon — mehribonlik, birdamlik va minnatdorchilik oyi" shiori ostida ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Ularni amalga oshirish uchun "Vaqf" jamoat xayriya jamg‘armasiga 750 milliard so‘m, Milliy ijtimoiy himoya agentligi orqali esa 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan muhtoj oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, nogironlikka ega bo‘lgan shaxslarning davolanish va jarrohlik operatsiyalari xarajatlari qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Ilgari, joriy yilning yanvar oyida prezident turli radikal va ekstremistik g‘oyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlar ongini zaharlashga urinayotganini ta’kidlab, bu muammoni faqat jazo va taqiq choralari bilan hal qilib bo‘lmasligini aytdi. Davlat rahbari alohida e’tiborni jamiyat onasi va kelajak avlod tarbiyachisi bo‘lgan ayollarni buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, shuningdek ularga ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatish zarurligiga qaratdi.

Begona g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularga moddiy yordam ko‘rsatish, ularning oilalari bilan individual ishlash, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish, shuningdek kasbiy ta’lim orqali bandlikni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Prezident har bir mahallada muhtoj oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini tuzish va fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli asosda yordam yetkazishni ta’minlash zarurligini alohida ta’kidladi. Mas’ul tashkilotlarga bu yo‘nalishda qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Source: kun.uz