«Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar bayroqdan foydalanish tartibini aniq tartibga solish va mamlakat bo‘ylab yagona talablarni joriy etishga qaratilgan.

Foto: Kun.uz

Qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Davlat bayrog‘i suverenitet va davlat ramzi sifatida belgilangan yagona qoidalar asosida barcha holatlarda joylashtirilishi kerak. Xususan, dastaksiz vertikal joylashtirish tartibi batafsil belgilanadi.

Loyihada Davlat bayrog‘ining sxematik va rangli tasviri, shuningdek, uni dastaksiz vertikal holatda namoyish qilish tartibini alohida tasdiqlash nazarda tutilgan.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari majlislar zallarida, diplomatik vakolatxonalarda va xizmat xonalarida bayroq joylashtirish qoidalari aniqlandi. Bayroq markaziy o‘rinda bo‘lishi, ishtirokchilar uchun erkin ko‘rinishi va polga tegmasligi kerak. Bir vaqtning o‘zida bir nechta bayroqlar namoyish etilganda, Davlat bayrog‘i ustuvor tartibda – markazda yoki o‘ng tomonda joylashtiriladi.

Shuningdek, ommaviy tadbirlar o‘tkazilganda bayroq joylashtirish va ko‘tarish tartibi belgilandi. Saf tartibida o‘tkaziladigan tadbirlarda Davlat bayrog‘i kolonnaning boshida joylashtiriladi, boshqa bayroqlardan keyin ko‘tarilishi taqiqlanadi.

Qonun loyihasida devor yoki boshqa konstruksiyada vertikal joylashtirilganda, yarim oy va yulduzlar yuqori o‘ng burchakda bo‘lishi, mato erga tegmasligi belgilandi. Bayroqni teskari holatda, buzilgan estetik holatda namoyish qilish, unga predmetlar joylashtirish yoki davlat ramziga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, davlat va jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shgan shaxslar, shuningdek, xizmat vazifasini bajarayotganda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining tobutini Davlat bayrog‘i bilan qoplash tartibi aniq belgilandi.

Qonun loyihasi davlat ramzlaridan foydalanish masalalarida huquqiy barqarorlikni ta’minlash, milliy birlikni mustahkamlash va ularga hurmatni oshirishga qaratilganligi ta’kidlanadi.

Source: kun.uz


So'nggi yangiliklar