Prezident qaroriga ko‘ra, "Vaqf" fondiga 800 milliard so‘m ajratildi. Hujjatda "davlat taʼminotidagi oila" toifasidagi oilalar, yolg‘iz yashaydigan va parvarishga muhtoj keksa fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, yetimlar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar yashaydigan oilalar uchun 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘zda tutilgan.

Foto: Kun.uz

Ramazon oyida muhtoj aholiga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risidagi prezident qarori eʼlon qilindi. Hujjatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab berilgan.

Qarorga ko‘ra, ijtimoiy reyestrning "davlat taʼminotidagi oila" toifasidagi oilalari, yolg‘iz yashaydigan va parvarishga muhtoj keksa fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, shuningdek, yetimlar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar yashaydigan oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam to‘lanadi.

Bundan tashqari, ijtimoiy reyestrning "kam taʼminlangan oila" toifasidagi oilalari, shuningdek, "mahalla yettiligi" tomonidan tuziladigan qo‘shimcha ro‘yxatga kiritilgan muhtoj oilalarga 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha ro‘yxatga kiritiladigan oilalar soni tegishli mintaqadagi "davlat taʼminotidagi oila" toifasidagi oilalarning umumiy sonining 20 foizidan oshmasligi kerak.

Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning 6 ming kasal aʼzolarining davolanish va jarrohlik operatsiyalari xarajatlari qoplanadi. Muhtoj fuqarolarni tibbiy muassasalarga yo‘naltirish va xizmatlar uchun to‘lov amalga oshirish alohida axborot moduli orqali tashkil etiladi, uning ishga tushirilishi 1 martgacha rejalashtirilgan.

Yuqoridagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun "Vaqf" fondiga 800 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. To‘lanadigan moddiy yordam jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini hisoblashda umumiy daromadga kiritilmasligi belgilangan.

Yordam oluvchilar ro‘yxati Milliy ijtimoiy himoya agentligi va mahallalar tomonidan 5 kun ichida tuzilib, "Vaqf" fondiga taqdim etiladi. Mabalag‘lar 2026-yil 1 martgacha "Xalq banki" orqali fuqarolarning ijtimoiy yoki bank kartalariga o‘tkaziladi.

Source: kun.uz


So'nggi yangiliklar