Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda matematika darslarini sodda va hayotiy misollar bilan tushuntirayotgan o‘qituvchining videolari keng tarqaldi. Gazeta muxbiri Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida qishloq bolalariga matematika fanidan qo‘shimcha darslar o‘tib kelayotgan Mo‘tabar Buxorova bilan suhbatlashdi.

Mo‘tabar 2002-yil Yakkabog‘ tumani Imom Yoqub qishlog‘ida tug‘ilgan. U 6-sinfligidan boshlab matematika va ingliz tiliga ixtisoslashgan litseyda tahsil olgan. Oliy ta’limni 2024-yili Chirchiq davlat pedagogika universitetida tamomlagan. Bir yarim yildan buyon qishloq bolalariga repetitorlik qilib kelyapti.

“Uyimizdagi yumushlarning barini onamning o‘zlari qilardilar. Bizdan ishlashni talab qilmasdilar. ‘E’tiborni o‘qishga qaratinglar, katta bo‘lganlaringda o‘sha payt uylaring tozamidi, deb birov so‘ramaydi’, deganlar. Shuning uchun faqat dars qilardik”, — deydi Mo‘tabar oila a’zolari yoshligidanoq ilm olishga sharoit qilib berishganini eslab.

Mo‘tabarning o‘qituvchilik kasbini tanlashiga onasi sabab bo‘lgan. Chunki Fazilat Tilovova ham 27 yildan buyon matematikadan dars berib keladi. “Esimni taniganimdan ko‘chada odamlar onamdan ‘ustoz, yaxshimisiz?’ deb hol-ahvol so‘rar edi. Men onamni hammaning ustozi deb o‘ylaganman, o‘shandagi hurmatni ko‘rib, ichimda ustoz bo‘lish istagi paydo bo‘lgan. Ochig‘i, 1-oktabrda muallimlar ko‘pgina sovg‘a olganlari uchun ham o‘qituvchi bo‘lgim kelgan”, — deydi u kulib.

Mo‘tabar kichkinaligidan onasi uylarida qishloq bolalariga qo‘shimcha darslar o‘tgani, uni yoniga o‘tqizib o‘rgatganlarini aytadi. “Sinfimizda matematikani hammadan yaxshi bilardim, lekin mohiyatini tushunmasdim. Ichimda bir savol bor edi: nega yaxshi o‘qisam ham, ba’zi narsalarni aslida tushunmayman? Va nihoyat, 6-sinfligimda savolimga javob topdim. O‘sha kundan boshlab matematika men uchun majburiyat emas, qiziqishga aylandi”, — deydi Mo‘tabar.

Faqat nazariya bilan tushunish qiyin ekanini anglagan Mo‘tabar sinfdoshlari bilan birga misollar izlab, ularni real hayotga bog‘lab o‘rganishga harakat qiladi. Bu usul natija bera boshlagach, matematikaga tobora bog‘lanib qoladi. “Farzandingiz matematikani yomon ko‘rsa, bu uning aybi emas, chunki ko‘pchilik bolalar faqat formula yodlaydi. Uni qachon, qanday ishlatish mohiyatini tushunavermaydi. Shuning uchun matematika qo‘rqinchli bo‘lib ko‘rinadi. Agar mohiyatni tushunsa, matematika oson fanga aylanadi”, — deya o‘zi o‘qitadigan uslubning mazmunini tushuntiradi Mo‘tabar.

Yosh muallim hozirda 1−7 sinf o‘quvchilariga dars berib kelmoqda. Uning aytishicha, aynan shu oddiy usul — hayotiy misollar bilan bog‘lab o‘rganish uning o‘quvchilariga ham yordam beryapti. Bolalar mavzuni tasavvur orqali oson tushunib, tezroq o‘rganmoqda. “Hayotimiz, turmush tarzimizning o‘zi matematika. Uyimizni yoritish uchun qancha elektr ishlatamiz, necha metr gilam sotib olishimiz kerak, tug‘ilgan kunda hammaga teng qilib tort kesish kerakmi — barchasi shu fan bilan bog‘lik”, — deydi Mo‘tabar Buxorova.

Masalan, Pifagor teoremasi. Bu to‘g‘ri burchakli uchburchak tomonlari haqidagi teorema. Unga ko‘ra, to‘g‘ri burchakli uchburchak katetlarining kvadratlari yig‘indisi gipotenuza kvadratiga teng. Mo‘tabar bu mavzuga kelganda bolalarga formuladan boshlamasligini, bu o‘zi nima va nega kerakligini tushuntirib, amalda bajarib ko‘rsatishini aytadi. “Bir nuqtadan uch qadam to‘g‘riga, to‘rt qadam o‘ngga qarab yur, deyman. Keyin o‘sha ikki to‘xtagan nuqtalarni birlashtirish uchun qadam tashla, deyman. Bola bu amalni bajarib, natija besh qadam chiqqaniga guvoh bo‘ladi. Shundan so‘ng bu formula orqali qanday ishlashini tushuntiraman”, — deydi u eng avval bolaning diqqatiga erishish muhimligiga urg‘u berib.

100 dan ortiq o‘quvchilarga dars bergan Mo‘tabar ilk saboqlarda o‘quvchilar savol berishdan qo‘rqqani, dars vaqti jim o‘tirgani va xato qilishdan qo‘rqganlarini eslaydi. Bugun ular ancha faolligi, yangi mavzularni tez ilg‘ab olayotganini ta’kidlaydi.

Mo‘tabar Instagram’ga video joylab borishni bir yil avval boshlamoqchi bo‘lgan. Biroq telefonining kamerasi tasvirga tiniq olmasligi bunga xalal berib turgan. “Hamma ham bu hayotda ideal emas-ku, o‘zingdagi narsalarni boricha qabul qil, boridan foydalan, dedim-da, manfaatsiz, shunchaki qiziqishga bir-ikkita video olib, Instagram’ga qo‘ydim — o‘z-o‘zidan ‘top’ga chiqib ketdi. Va bir oyda 20 ming obunachi yig‘ildi”, — deydi u. Ayni kunlarda uning obunachilari soni 130 mingdan oshib qolgan. Videolari 100−500 minglab, hatto millionlab ko‘riladi.

Mo‘tabarning oddiy uy sharoitida, oddiy doska va uy kiyimida matematik misol-masalalarni oddiy usullarda tushuntirishi ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘ygan. Aksariyat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uning iste’dodini yuqori baholab, “maktabda nega bizga shunaqa o‘qituvchi dars bermagan ekan-a?”, “matematika juda qiziq fan ekan-ku!”, deya izohlar qoldirgan.

Instagram foydalanuvchisi “sizdek o‘qituvchini maktablar talashib ishga olishi kerak. Darslaringiz sodda, tushunarli, qiziqarli — bu bolalarga yoqadi. Sizga o‘xshagan o‘qituvchilar ko‘paysin”, — deb yozadi. Muzaffar Ismoilxon ismli kishi esa Mo‘tabarning “Malaka oshirish institutida ishlashi kerak”ligi haqida izoh qoldirgan.

Ayrimlar esa Mo‘tabarning kiyinish uslubi va ovoziga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirgan. Masalan, Instagram foydalanuvchilaridan biri Mo‘tabarning videosi ostida shunday izoh qoldiradi: “Dars o‘tishi super! Lekin uy kiyimida noto‘g‘ri. O‘qituvchida dars bilan birga etika, estetika bo‘lishi kerak. Maktab uydan farqli madaniyat markazi. O‘qituvchi o‘qituvchi darajasida bo‘lishi kerak”. Mo‘tabar qishloqda ayollar, asosan, ko‘ylak-lozimda yurishini, o‘zining libosi ham qishloqchilikka to‘g‘ri kelishi kerakligini ta’kidlaydi.

“Videolarim ostidagi izohlarni doim o‘qib boraman. Ba’zilari judayam xursand qiladi, ayrimlari esa yo‘q. Ichidagi bor negativ — zahrini birovning ustidagi kiyimiga sochadiganlarni tushunmayman. Bu tarzda qanday yashash mumkin”, — deydi yosh muallim. U, shu bilan birga, ko‘p sonli negativ fikrlar ham uning auditoriyasi kengayishiga xizmat qilgan, deb hisoblaydi.

Mo‘tabar ilk videolarida kameraga yaqin turib gapirgani uchun ovozi juda baland, shovqinli eshitilganini aytadi. “Videoni ko‘rib, ‘voy, bu juda baqirib, chinqirib dars o‘tar ekan, o‘quvchilar qanday o‘rganadi?’ deyishdi. To‘g‘ri, nutqimda ham kamchilik bo‘lishi mumkin, hozir nutq darslariga qatnayapman. Lekin ovozim hamma o‘quvchilarga yetib borishi uchun baland ovozda gapirishga to‘g‘ri keladi”, — deydi u.

Mo‘tabarning atrofidagilar, mahalla ahli, do‘st-birodarlari uning videochiqishlarini juda yaxshi qabul qiladi. Va doim qo‘llab-quvvatlab turadi. Video qo‘yishni boshlaganida 3 ta obunachisi bo‘lgan — ular ham o‘z oila a’zolari. “Qaynotam mahallamizdagi bir binoni o‘quv markazga o‘xshatib jihozlab berganlar, parta-stol qilib berganlar. Asosan o‘sha yerda, qolgan vaqtlarda uyda dars o‘taman”, — deydi Mo‘tabar uning uchun qilib berilgan sharoitlardan minnatdor bo‘lib.

U o‘quvchilariga, kezi kelsa, ko‘chada, asfal’t ustida, hatto qo‘shnining zanglagan darvozasida ham misol-masalalar ishlatib ketaveradi. “Nasib bo‘lsa, avgust oyida SAT’ga topshiraman, CEFR’ga topshiraman, keyin maktabga ishga kiraman. SAT bo‘yicha ishlab, bolalarga matematikani ingliz tilida o‘rgatishni yo‘lga qo‘ymoqchiman”, — deya rejalari bilan bo‘lishdi Mo‘tabar.

Unga juda ko‘p joylardan ishlashga, xususan, Qashqadaryo va Toshkentdagi xususiy maktablardan, takliflar bo‘lgan. Biroq Mo‘tabar ularni rad qilgan. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloqdagi 36-maktabda ishlamoqchi. O‘zini shu yerda kerak deb hisob qiladi. “Qishlog‘imizda mutaxassislar kam. O‘quvchilar markazga chiqib o‘qishlari uchun ko‘p mablag‘ sarflashadi. Yo‘lkira va o‘quv markazining to‘lovi ham qimmat bo‘ladi. Ko‘p ota-onalar bolasiga pul yetkazib berolmaydi, oilada 3 farzandning atigi bittasini o‘qita olishi mumkin. Juda ko‘p tanishlarimda shu narsaga guvoh bo‘lganman, ularning farzandlarini imkon qadar tekin o‘qitishga harakat qilaman. Ularda iqtidor bor, biroq sharoitlari yaxshi emas”, — deydi u.

Mo‘tabarning bir nafar farzandi bor. Bolaga qarash, uy yumushlari, o‘quvchilarga dars o‘tish va shaxsiy rivojlanish kabi ishlarini hamisha tartib bilan, soatga qarab bajaradi. Bir kun avval ertangi darsga tayyorgarlik ko‘rib, mavzuni tushuntirish uchun bir necha hayotiy misollarni o‘ylab qo‘yadi.

Source: www.gazeta.uz