O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi 12-martga qadar amal qiluvchi favqulodda holat tartibi va hozirgi xavfsizlik vaziyati munosabati bilan ushbu mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarga murojaat yo‘lladi.
Favqulodda holat tartibi doirasida mamlakatda bolalar bog‘chalari va maktablar ishlamayapti, hayotiy muhim xizmatlardan tashqari aksariyat korxona va tashkilotlar faoliyatiga taqiq qo‘yilgan. Ommaviy tadbirlar bekor qilingan.
Diplomatik vakolatxona sirena ovozi eshitilganda eng yaqin bombapanohlarga yoki himoyalangan xonaga yo‘l olishni va mahalliy xizmatlar ko‘rsatmalariga amal qilishni tavsiya etdi. Shuningdek, fuqarolarga raketa tushgan joylarni va havo hujumidan mudofaa tizimlari ishini foto va videoga olish taqiqlangani eslatildi.
Raketa parchalari yoki shubhali buyumlar aniqlanganda, ularga yaqinlashmaslik va tegishli xizmatlarga xabar berish tavsiya etilmoqda.
Xorijlik ishchilar Isroil IIV huzuridagi Aholi va migratsiya boshqarmasi (PIBA) kol markaziga 1−700−707−889 raqami orqali murojaat qilishlari mumkin. Favqulodda xizmatlar telefonlari: 100 — politsiya, 101 — tez yordam (Magen David Adom), 102 — yong‘in-qutqaruv xizmati, 104 — Frontorti qo‘mondonligi.
Elchixona, shuningdek, Misr bilan chegaradagi “Taba/Begin” nazorat-o‘tkazish punkti orqali mamlakatdan chiqib ketish tartibini tushuntirdi. Sharm-ash-Shayxdan O‘zbekistonga, jumladan, Uzbekistan Airways, Centrum Air, Qanot Sharq va Air Samarkand aviakompaniyalari tomonidan reyslar amalga oshirilmoqda. Qiyinchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, fuqarolarga O‘zbekistonning Isroil yoki Misrdagi elchixonalariga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Konsullik yordamini olish uchun fuqarolar O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi bilan 03−672−2466, 03−672−2371, 03−758−5075, 03−758−5076 telefon raqamlari, shuningdek, +972 54 485 1397 tezkor aloqa raqami (tunu kun) orqali bog‘lanishlari mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumotlar Konsullik xizmati Telegram kanalida va
Diplomatik vakolatxona fuqarolar xavfsizligi ustuvor vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi va faqat rasmiy ma’lumot manbalariga ishonishga chaqirdi.
Kuni kecha O‘zbekiston prezidenti Saudiya Arabistoni, BAA va Qatardan vatandoshlarni qaytarish uchun aviareyslarni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Shu bilan birga, hukumat janubiy yo‘nalishdagi xavflarni inobatga olgan holda eksport-import operatsiyalari uchun muqobil yo‘nalishlarni ko‘rib chiqmoqda.
28-fevraldan beri AQSh va Isroil Eron hududiga zarbalar bermoqda. Bunga javoban Eron Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi AQSh harbiy bazalariga hujum qilgan.
Source: www.gazeta.uz