Zimbabvening Kariba ko‘lida yuk va yo‘lovchi tashuvchi paroxod ag‘darilishi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi, yana 27 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda mamlakat Fuqarolik Himoyasi Boshqarmasi ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, seshanba kuni kuchli to‘lqinlar tufayli paroxod ag‘darilgan. Qutqaruv ishlari davomida kamida 77 kishi qutqarilgan. Paroxod shimoldagi Kariba shahri va bir qancha orollar hamda baliq ovlash lagerlari o‘rtasida qatnovni amalga oshirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, paroxod o‘z sig‘imi 90 kishiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, unda 114 nafar katta yoshli yo‘lovchi va 5 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Biroq, chipta talab qilinmaydigan yoshdagi bolalar soni noma’lum, bu esa qurbonlar sonini oshirishi mumkin.
Zimbabve milliy politsiyasi qutqaruv ishlari davom etayotganini tasdiqladi. Davlat teleradiokompaniyasi ZBC tomonidan e’lon qilingan videolarda tezyurar qayiqlar ag‘darilgan kemaga yaqinlashayotgani va vertolyot havoda harakatlanayotgani ko‘rinib turibdi. Katta ko‘lga suv osti qidiruv guruhi yuborilgan.
Guvoh Maxton Kanhema AFP agentligiga bergan intervyusida kema yomon ob-havoda yo‘lga chiqqanini va to‘lqin kemaga zarba berib, dvigatellarni o‘chirib qo‘yganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Matusadona milliy bog‘i qutqaruvga vertolyot ajratgan, mahalliy aholi va armiya ham yordam bergan.
“Odamlar yordamga muhtoj edi... Suvda jasadlar bor edi, buni ko‘rish juda og‘riqli edi. Qutqarish mumkin bo‘lganlar qutqarildi”, dedi Kanhema. “Ammo yomon ob-havo tufayli yordam biroz kechikdi. Kemaga yetib borish vaqt oldi va afsuski, odamlar halok bo‘ldi.”
Kariba ko‘li Zimbabve va Zambiya chegarasida joylashgan bo‘lib, poytaxt Xararedan 300 km shimoli-sharqda. Bu dunyodagi eng katta sun’iy ko‘l bo‘lib, 1950-60 yillarda Zambezi daryosiga to‘g‘on qurilishi natijasida hosil bo‘lgan. Uning uzunligi 200 km dan ortiq, kengligi esa ba’zi joylarda 40 km ga yetadi.
Source: www.aljazeera.com