Fransiya rasmiylari mamlakatning bir qancha yirik shaharlarida rejalashtirilgan namoyishlarni qat'iy taqiqlab qo'yishdi. Parij Politsiya prefekturasi xabariga ko'ra, payshanba kuni bo'lib o'tishi kerak bo'lgan aksiyalar poytaxtning asosiy qismlarida, shu jumladan Yelisey saroyi va parlament binolari yaqinida, shuningdek shahar markazlarida cheklandi. Politsiya manbalarining ta'kidlashicha, bunday keskin choralarga tashkilotchilarning tartibsizliklar oldini olishga qodir emasligi sabab bo'lgan.
Shuningdek, Liyon, Lill va Grenoble kabi yirik shaharlarda ham rejalashtirilgan namoyishlar to'xtatildi. Ushbu cheklovlar butun Fransiya bo'ylab o'tgan dam olish kunlari o'tkazilgan yirik noroziliklardan so'ng joriy etildi. O'shanda talabalar o'qish sharoitlari yomonligidan shikoyat qilib, aholi esa yuqori yashash narxlaridan noroziligini bildirib ko'chalarga chiqqan edi. Tartibsizliklar chog'ida kamida 2500 kishi hibsga olingan va savdo nuqtalari talon-taroj qilingan edi.
Yevropa rejimining yetakchisi Emmanuel Makron yuzaga kelgan tartibsizliklar uchun go'yoki «o'ta so'l» guruhlarni aybladi va ularni «Respublikani ag'darishga urinishda» aybladi. Makronning so'zlariga ko'ra, mamlakatda barcha «noqonuniy» namoyishlar taqiqlanadi, kasaba uyushmalari kabi rasmiy tashkilotlar tomonidan o'tkaziladigan tadbirlar esa biznes subyektlarini himoya qilish maqsadida shahar markazlaridan tashqariga ko'chiriladi. Shuningdek, u juma kuni mamlakat mudofaa kengashini yig'ishini ma'lum qildi.
Mutaxassislarning fikricha, payshanba kungi aksiyalar shanba kuni kutilayotgan keng ko'lamli namoyishlarga tayyorgarlik bosqichidir. Unda 2018-2019 yillardagi yoqilg'i narxiga qarshi harakat ishtirokchilari ham qo'shilishi kutilmoqda. Bosh vazir Sebastyen Lekornyu xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo'yicha «keng ko'lamli» operatsiya tayyorlanayotganini ta'kidladi, biroq kasaba uyushmalari hukumat vakillari bilan muzokaralar natijasiz yakunlanganini bildirib, noroziliklarni davom ettirishga chaqirmoqda.
Source: www.aljazeera.com