Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi. U 2016 yildan boshlab mamlakatda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, global qiymat zanjirlariga integratsiya, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda aholi hayot sifatini oshirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 150 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirilgan. “Faqat energetika sohasida 35 milliard dollarlik investitsiya loyihalari hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarishni 1,5 baravarga – 87 milliard kilovatt-soatgacha oshirdik. Tovar va xizmatlar eksporti 3 baravar, iqtisodiyot hajmi esa 50 milliard dollardan 147 milliard dollargacha o‘sdi”, dedi u.
Prezident ta’kidlashicha, 2020 yildan boshlab O‘zbekiston suveren kredit reytinglarini izchil oshirib bormoqda. Iqtisodiy erkinlik indeksida 2026 yilga kelib mamlakat 14 pog‘onaga ko‘tarilib, birinchi marta “o‘rtacha erkin” iqtisodiyotga ega davlatlar qatoriga kirdi. Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7 foizga o‘sdi.
“Eng muhimi, islohotlar davomida biz har bir oila, har bir inson hayotini yaxshilashga birinchi darajali e’tibor qaratdik. Bu davrda 8,5 million muhtoj fuqaroning daromadini oshirib, qashshoqlik darajasini deyarli 35 foizdan hozirgi 5,8 foizga tushirdik. So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy o‘zgarishlarga erishgan besh mamlakatdan biriga aylandi”, dedi prezident.
2030 yilga borib hukumat barcha tarmoqlarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish hamda iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni rejalashtirmoqda. Asosiy maqsad – o‘rtacha daromaddan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kirish va qashshoqlikni butunlay yo‘q qilish.
“Yaqin vaqt ichida biz 13 ta strategik yirik korxona aktivlarini o‘z ichiga olgan Milliy investitsiya fondi aksiyalarining 30 foizini xalqaro fond bozoriga chiqaramiz. Ishonamanki, bu muhim qadam hamkorlarimizning mamlakat investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
OTB bilan hamkorlikda qariyb 16 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentning qayd etishicha, kecha Bank bilan 12 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturi imzolangan. Ushbu mablag‘lar qashshoqlikni qisqartirish, inson kapitalini rivojlantirish va zamonaviy infratuzilma qurishga yo‘naltiriladi.
Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt sohasida ham muhim tashabbuslarni e’lon qildi. O‘zbekistonda innovatsiyalar va bilimga asoslangan Sun’iy intellekt hubi yaratilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt bo‘yicha 200 dan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, “Sun’iy intellekt sohasida besh million lider” tayyorlash dasturi amalga oshirilmoqda.
Prezident OTB homiyligida rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellektni kengaytirish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqishni taklif qildi. O‘zbekiston OTBning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shildi va Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklif qilindi.
Yashil energetika sohasida umumiy quvvati 5600 megavatt bo‘lgan yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilib, “yashil” energiya ulushi 30 foizga yetkazilgan. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Transport tizimlarining o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash muhim vazifa ekani ta’kidlandi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l loyihasi Sharq va G‘arbni bog‘laydi, yuk tashish muddatini 10 kungacha qisqartiradi va yillik yuk hajmini 15 million tonnaga yetkazadi. Shu munosabat bilan OTBning Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi” tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Prezident turizm sohasidagi yutuqlarni ham qayd etdi. O‘n yil ichida O‘zbekistonga xorijiy turistlar oqimi 6 baravar o‘sib, yiliga 12 million kishiga yetdi. Bu sohada infratuzilma, xizmat ko‘rsatish, viza va transport ta’minoti, eng avvalo, turistlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha islohotlar amalga oshirilgan.
Source: kun.uz