Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda nutq so‘zlagan davlat rahbari bunday nufuzli anjumanning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani mamlakatga g‘urur va iftixor bag‘ishlashini ta’kidladi.
O‘zbekiston yetakchisi so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijalariga to‘xtalib, iqtisodiyotga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgani, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirilgani, tovar va xizmatlar eksporti 3 barobar o‘sgani, milliy iqtisodiyot hajmi 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetganini ma’lum qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.
Global beqarorlik sharoitida ham mamlakat iqtisodiyoti birinchi chorak yakuniga ko‘ra 8,7 foizli o‘sishga erishgani qayd etildi. Prezident islohotlarda OTB va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rnini alohida e’tirof etib, OTB bilan qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetganini bildirdi.
Davlat rahbari jahon iqtisodiyotidagi murakkab o‘zgarishlar va yangi texnologiyalarning jadal rivojlanishi sharoitida barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun OTB bilan hamkorlikda yangi mexanizm va ta’sirchan yondashuvlarni joriy etish zarurligini ta’kidlab, qator takliflar berdi. Xususan, sun’iy intellekt sohasida O‘zbekistonda Sun’iy intellekt xabi tashkil etilayotgani, iqtisodiyot tarmoqlarida 200 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalari amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Prezident OTB shafeligida rivojlanayotgan mamlakatlarda sun’iy intellekt ko‘lamini oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqishni taklif etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Bankning “Osiyo uchun raqamli magistral” tashabbusiga qo‘shilishini va Toshkentda uning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazini ochish taklifini ilgari surdi.
Energiya sohasida O‘zbekiston 5 ming 600 MVt quvvatga ega shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirib, “yashil” energiya ulushini 30 foizga yetkazgani, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 54 foizga oshirish rejalashtirilgani aytildi. Markaziy Osiyo – Yevropa “yashil” energetika koridorini yaratishda OTB ko‘rsatayotgan yordam minnatdorlik bilan qayd etildi.
Transport va logistika sohasida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlangani, bu orqali yuk tashish muddati 10 kungacha qisqarishi va yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyati yaratilishi ta’kidlandi. OTBning Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida “Raqamli bojxona va logistika alyansi”ni tashkil etish taklif etildi.
Kritik minerallar sohasida O‘zbekiston mis, volfram, molibden, magniy, grafit, vanadiy, titan kabi minerallarning katta zaxirasiga ega ekani, koreyalik hamkorlar bilan R&D markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, Toshkent va Samarqand viloyatlarida “Kelajak metallari texnoparki” qurilayotgani, AQSh, Xitoy, Turkiya bilan 1,6 milliard dollarlik 70 dan ziyod loyiha boshlangani ma’lum qilindi. OTBning “Kritik mineraldan – ishlab chiqarishga” dasturiga qo‘shilish taklif etildi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda “Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup ko‘chat ekilayotgani, Orol dengizi qurigan tubida 2 million gektar himoya o‘rmonlari barpo etilgani, 2030-yilga borib ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish maqsad qilingani aytildi. “Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i” mintaqaviy loyihasini amalga oshirish taklif qilindi.
Turizm sohasida O‘zbekistonga xorijiy sayyohlar oqimi o‘n yil ichida olti baravarga oshib, yiliga 12 million kishiga yetgani, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqandda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi ochilgani ta’kidlandi. “Markaziy Osiyo turizm halqasi”ni yaratish tashabbusi ilgari surildi.
So‘z yakunida Prezident O‘zbekiston taklif etilgan tashabbuslarni OTB bilan hamkorlikda suveren kreditlash, davlat-xususiy sheriklik, kafolatlar, aralash moliyalashtirish va xususiy kapitalni safarbar etish orqali amalga oshirishga tayyor ekanini bildirib, Mintaqaviy loyihalarni moliyalashtirishning innovatsion platformasini shakllantirishni taklif etdi.
Source: www.gazeta.uz