O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni yoshlar bilan uchrashuvida chiqish qilgan Xorazm viloyati Urganch tumani 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 4-sinf o‘quvchisi Otamurod Rayimboevga yengil avtomobil sovg‘a qildi.
Uchrashuv davomida o‘quvchi O‘zbekiston xalq artisti Komiljon Otaniyozovning qo‘shig‘ini ijro etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 26-fevral kuni hokim Jurabek Rahimov tantanali marosimda o‘quvchiga BYD markali avtomobil kalitlarini topshirdi. Marosimda oila a’zolari va o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Otamurodning so‘zlariga ko‘ra, u avtomobilni otasiga berishni niyat qilgan. Oila ko‘rsatilgan e’tibor va yordam uchun minnatdorchilik bildirdi.
Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvi 24-fevralda bo‘lib o‘tdi va u ta’lim, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salohiyatini ochish uchun sharoit yaratish masalalariga bag‘ishlangan edi.
Source: kun.uz