Oʻzbekistonda kelgusi yillarda raqamli taʼlim sohasini tubdan oʻzgartirish va yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish borasida keng koʻlamli rejalar belgilanmoqda. Mamlakat rahbariyati huzurida boʻlib oʻtgan maxsus taqdimot davomida 2030-yilgacha raqamli taʼlim orqali 5,5 million nafar yoshni oʻqitish, shuningdek, texnologik kompaniyalardan jalb qilinadigan grantlar hajmini yiliga 100 million dollarga yetkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Taqdimot doirasida mamlakatda raqamli taʼlim ekotizimini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqildi. Xususan, maktab oʻquvchilari uchun “Al-Xorazmiy vorislari” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” kabi yirik loyihalarni kengaytirish, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari va xususiy oʻquv markazlarining salohiyatini birlashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Davlat rahbari tomonidan robototexnika, kompyuter oʻyinlarini yaratish, startaplar va boshqa istiqbolli yoʻnalishlarda yiliga 1 million nafar yoshni oʻqitish vazifasi qoʻyildi. Bu maqsadlarga erishish uchun milliy trenerlar korpusini shakllantirish, onlayn taʼlim platformalari va qisqa muddatli raqamli kurslarni tezroq ishga tushirish talab etiladi.
Shuningdek, oliy taʼlimda tayyorlanayotgan kadrlar malakasini zamonaviy mehnat bozori talablariga moslashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Sunʼiy intellekt, mikrosxemalarni loyihalash, dron texnologiyalari va dasturiy taʼminotni ishlab chiqish boʻyicha taʼlimni rivojlantirish, shuningdek, Fargʻona tajribasi asosida iOS dasturchilarini tayyorlash markazlarini ochish rejalashtirilgan.
Source: kun.uz