Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugida harbiy xizmatchilar oʻrtasida uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish boʻyicha keng koʻlamli koʻrik-tanlov tashkil etildi. Unda ishtirokchilar zamonaviy dronlarni jangovar sharoitlarda qoʻllash hamda maxsus “Drone racing” (dronlar poygasi) yoʻnalishlarida oʻz mahoratlarini sinovdan oʻtkazdilar.
19-oktabr kuni boʻlib oʻtgan bellashuvlarda Jizzax, Samarqand va Navoiy garnizonlaridan tashrif buyurgan harbiy jamoalar ishtirok etdi. Dastur doirasida harbiylar murakkab toʻsiqlarni yengib oʻtish, nishonlarni aniq belgilash, favqulodda vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish hamda qurilmalarni yuqori chaqqonlik bilan boshqarish koʻnikmalarini amalda namoyish etishdi.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, harbiy okrug miqyosida oʻtkazilayotgan mazkur musobaqalar hududlararo ilgʻor tajriba almashish, milliy armiyada innovatsion texnologiyalarni joriy etish va shaxsiy tarkibning zamonaviy jangovar tayyorgarligini oshirishda muhim amaliy bosqich boʻlib xizmat qiladi.
Ushbu musobaqa Oʻzbekiston armiyasida kibersport, dron va robototexnika yoʻnalishlarini rivojlantirishga oid davlat rahbari qaroriga asosan tashkil etilmoqda. Belgilangan tartibga muvofiq, tizim uch bosqichni qamrab oladi: avgust oyidagi idoraviy bosqich, oktabrdagi harbiy okruglar bosqichi hamda dekabr oyida boʻlib oʻtadigan “Mudofaa vaziri kubogi” final bellashuvi.
Source: kun.uz