Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida joriy yilning 26-oktabridan 1-noyabrigacha arxitektorlar, dizaynerlar, urbanistlar, developerlar va kreativ industriya vakillarini birlashtiruvchi Tashkent Design Week xalqaro platformasining navbatdagi mavsumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirning asosiy mavzusi “Dizayn shaharni qanday o‘zgartiradi?” deb nomlanib, shahar muhitini yaxshilash masalalariga bag‘ishlanadi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, joriy haftalik Yangi Toshkentning rivojlanishi hamda yangi shahar muhitini shakllantirish jarayonida arxitektura va urbanizmning o‘rniga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, poytaxtning modernistik merosini saqlab qolish, shahar o‘zligini asrab-avaylash hamda dizayn sohasidagi ta’lim masalalari ham muhokama markazida bo‘ladi.

Ushbu keng ko‘lamli loyiha Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida, shuningdek, Uzbekistan Creative Park, Yangi Toshkent direksiyasi, Tashkent City Mall, Premium Concept dizayn markazi, UFDC hamda poytaxt hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Dastur doirasida qator public talks formatidagi munozaralar, taqdimotlar va buyum dizayni ko‘rgazmalari o‘tkazilishi kutilmoqda.

Tadbirlar poytaxtning bir nechta nufuzli lokatsiyalarida, jumladan, Tashkent City Mall’dagi Design Atrium, Zamonaviy san’at markazi, Premium Concept Showroom, Milliy park va O‘zbekiston davlat san’at muzeyida bo‘lib o‘tadi. Haftalikning eng muhim voqealaridan biri ikki million aholiga mo‘ljallangan Yangi Toshkent shahri maketining taqdimoti bo‘lishi kutilmoqda.

Source: www.gazeta.uz