Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahridagi barcha yirik bozor va savdo komplekslarining moliyaviy ahvoli chuqur o‘rganilib, ularga tegishli barcha mol-mulklar qat'iy xatlovdan o‘tkazilishi ma'lum qilindi. Poytaxt hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu jarayon davomida hududlardagi noqonuniy qurilishlar, soliq hamda boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorliklar to‘liq aniqlanadi.

Xatlov tadbirlari doirasida savdo majmualaridagi bino va inshootlarning kadastr hujjatlari, mavjud mol-mulk turlari hamda mulkdorlarning rasmiy ro‘yxati atroflicha o‘rganib chiqiladi. Shuningdek, komplekslar hududida aniqlangan o‘zboshimchalik bilan qilingan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi belgilangan.

Mutaxassislar tomonidan hududlar chegaralari, muhofaza zonalari va amaldagi cheklovlar tahlil qilinib, soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha mavjud kamchiliklar o‘rganiladi. Aniqlangan muammolar asosida ushbu obyektlarning kelgusidagi faoliyatini yaxshilash va ularning aktivlaridan yanada samarali foydalanish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqiladi.

Olib borilayotgan xatlov ishlari yakuniga ko‘ra, bozorlar aktivlarini ommaviy savdolarga chiqarish masalasi ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar davlat rahbari tomonidan imzolangan Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qarorlar ijrosini ta'minlash doirasida amalga oshirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz