Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi poytaxtda aniqlangan noqonuniy qurilish obyektlari soni borasida rasmiy tushuntirish e’lon qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida arxitektura va shaharsozlik talablarini chetlab o‘tgan holda barpo etilgan turli toifadagi binolar soni 320 tadan oshib ketgan. Bu raqamga yakka tartibdagi uylar, kichik savdo shoxobchalari va pavilonlar ham kiritilgan bo‘lib, shundan 61 tasini aynan ko‘p kvartirali uylar tashkil etadi.

Bungacha esa vazirlik rahbariyati tomonidan mutlaqo boshqa raqamlar keltirilgan edi. Jumladan, 13-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da vazir Sherzod Xidoyatov poytaxtning o‘zida ruxsatsiz qurilgan 720 dan ortiq ko‘p kvartirali uy borligini ma’lum qilgan edi. Biroq yangi tarqatilgan bayonotda mazkur raqamlar xatolik natijasida yuzaga kelgani va umumiy obyektlar soni adashib ko‘p kvartirali uylar sifatida ko‘rsatilgani ta’kidlandi.

Shunga qaramay, vazirlik dastlabki 720 raqami qayerdan olingani va nega aynan shu ko‘rsatkich e’lon qilingani yuzasidan to‘liq va asosli izoh bermadi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bunday muammoli obyektlarning paydo bo‘lishiga tadbirkorlar poytaxt bosh rejasi tasdiqlanguniga qadar auksion orqali olingan yerlarda qurilish boshlagani sabab bo‘lgan.

Hozirgi vaqtda mazkur holatlar yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan tekshiruvlar olib borilmoqda. Shuningdek, bunday uylarni foydalanishga qabul qilish tartibi ishlab chiqilayotgani, buning uchun binolarning seysmik mustahkamligi hamda shaharsozlik talablariga, jumladan, avtoturargoh va bolalar maydonchalariga mosligi tekshirilishi talab etilishi ma’lum qilindi.

Source: www.gazeta.uz