Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi maktablardan birida yana pedagog va o'quvchi o'rtasidagi janjalli holat jamoatchilik e'tiboriga tushdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarda matematika o'qituvchisi dars vaqtida o'quvchining yuziga urgani aks etgan bo'lib, bu holat keskin e'tirozlarga sabab bo'ldi. Mazkur voqea mamlakat ta'lim tizimidagi muammolar va o'qituvchilarning kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya qilishi borasidagi savolarni yana bir bor kun tartibiga chiqardi.

Maktabgacha va maktab ta'limi viloyat boshqarmasining ma'lum qilishicha, ushbu ko'ngilsiz hodisa joriy yilning 21-oktyabr kuni Ohangaron tumanidagi 15-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabining 7-"A" sinfida sodir bo'lgan. Vaziyat darhol mas'ul idoralar nazoratiga olingan bo'lib, hozirda ichki ishlar organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar ishtirokida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki tekshiruv natijalariga ko'ra, dars jarayonida o'qituvchi o'quvchiga nisbatan jismoniy kuch ishlatib, uni bir necha bor yuziga urgani aniqlangan. Shu bilan birga, tarmoqlarda tarqalgan qo'shimcha ma'lumotlarga ko'ra, mazkur pedagog ilgari ham shu o'quvchiga nisbatan qo'pol muomalada bo'lgani tekshirilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mazkur mojaro ishtirokchilarining harakatlariga qat'iy huquqiy baho berilishini ma'lum qilishdi.

Ta'kidlash joizki, bu so'nggi paytlarda ta'lim muassasalarida kuzatilayotgan yagona shunday holat emas. Avvalroq Namangan viloyatida ham shunga o'xshash holat yuzaga kelib, o'qituvchining bolani urgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan ham tegishli boshqarma tomonidan xizmat tekshiruvi boshlanib, bolalar huquqlarini himoya qilish masalalari yana bir bor dolzarb ahamiyat kasb etayotgani ko'rsatib o'tildi.

Source: podrobno.uz