Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati poytaxtimiz jamoat transporti salonlaridagi monitorlarda namoyish etilayotgan reklama roliklarining haddan tashqari baland ovozi yuzasidan yo‘lovchilardan kelib tushgan ko‘plab e’tirozlarga rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lum qilinishicha, so‘nggi paytlarda fuqarolar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan haqli e’tirozlar jiddiy o‘rganib chiqilgan.

Qayd etilishicha, avtobus salonlarida o‘rnatilgan axborot-ko‘ngilochar monitorlar «E-auksion» savdo platformasi orqali g‘olib bo‘lgan tadbirkorlik subyektiga qonuniy asosda ijara berilgan ekan. Biroq, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida yo‘lovchilarning qulayligi va xavfsizligi masalalari ikkinchi darajaga tushib qolgani jamoatchilik noroziligini keltirib chiqargan.

Yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» rahbariyati tomonidan mas’ul tadbirkorlik subyekti vakillari bilan maxsus uchrashuv tashkil etildi. Muloqot davomida reklama materiallarining ovozi belgilangan me’yorlardan oshmasligi, yo‘lovchilarning o‘zaro muloqotiga hamda eng muhimi — haydovchining diqqatini chalg‘itib, yo‘l harakati xavfsizligiga xavf tug‘dirmasligi zarurligi qat’iy ta’kidlab o‘tildi.

Muzokaralar natijasiga ko‘ra, ijarachiga reklama roliklari ovozini zudlik bilan pasaytirish va ortiqcha shovqin hosil qilmaslik bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi. Kompaniya vakillari mazkur masalani shaxsan o‘z nazoratiga olganini va poytaxt avtobuslarida yo‘lovchilar uchun qulay hamda osoyishta muhitni ta’minlash borasidagi choralar davom ettirilishini qo‘shimcha qildi.

Source: www.gazeta.uz