Isroil hukumati va harbiy rahbariyati AQShning Eron ustidan mumkin bo‘lgan harbiy zarbasi senariysi fonida bir qator yig‘ilishlar o‘tkazdi. Buni The Times of Israel gazetasi manbalarga tayanib xabar qildi.

Foto: AP

Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, tayyorgarlik AQSh va Eron o‘rtasidagi yadro dasturi bo‘yicha muzokaralardan keyin faollashdi, buni amerikalik amaldorlar kam istiqbolli deb baholaydi.

AQShning yuqori martabali vakillaridan biri 17-fevraldagi uchrashuvni "ma’nosiz" deb atadi, ikkinchisi esa Tehron o‘ziga qulay keladigan kelishuvga rozi bo‘lishi va keng imtiyozlar paketini olishi uchun oy oxirigacha vaqt borligini aytdi.

Amerikalik manbalar, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trumpning Eron ustiga keng ko‘lamli harbiy operatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish yaqinlashganini da’vo qilmoqda.

Bu fonda isroillik amaldorlar barcha darajalarda maslahatlashuvlar o‘tkazdi. Rasmiy shaxslarning baholashlariga ko‘ra, AQShning harbiy operatsiya o‘tkazish ehtimoli yuqori bo‘lib qolmoqda, ammo mumkin bo‘lgan zarba birgalikda yoki faqat amerikalik kuchlar tomonidan amalga oshirilishi hali noma’lum.

"Vaqt chegaralari qisqaryapti va bu harbiy tayyorgarlikka taalluqli. Oxir-oqibat, qarorni bitta odam qabul qiladi", – deb AQSh prezidentiga ishora qilib, nomi oshkor etilmagan yuqori martabali isroillik amaldor aytdi.

Source: kun.uz