Deputatlar o‘z so‘rovlariga o‘z vaqtida javob bermagan mansabdor shaxslar to‘g‘risida prokuraturaga ko‘rsatma yuborish huquqiga ega bo‘ladilar. Tegishli qonun loyihasi 2026-yil iyunigacha ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Foto: Kun.uz
Agar davlat organlari mansabdor shaxslari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining so‘roviga belgilangan muddatda javob bermasa, deputat prokuratura organlariga ko‘rsatma kiritishi mumkin bo‘ladi.
Bunday amaliyotni joriy etish Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026-yilgi Davlat dasturida nazarda tutilgan.
Dasturga ko‘ra, tegishli qonun loyihasi 2026-yil iyun oyida tayyorlanishi kerak.
Bundan tashqari, sentyabrgacha yana bir qonun loyihasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, Oliy Majlis palatalari qo‘mitalari davlat organlari rahbarlarining ma’lumotini nafaqat amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha, balki keng jamoatchilik rezonansi va ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokamalarga sabab bo‘lgan masalalar bo‘yicha ham eshitishi mumkin bo‘ladi.
Source: kun.uz