2025-yil avgust oyida Uzun tumanida Tojikistondan 20 kg 374 g afyun va 41 kg 668 g gashish noqonuniy olib kirishda gumon qilingan 5 kishi qo‘lga olindi. Sud hukmi bilan ularning har biri 15 yil ozodlikdan mahrum qilindi.
Kontrabanda va giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash doirasida 2025-yil avgust oyida Uzun tumanida Davlat xavfsizlik xizmati Chegarachilar qo‘shinlari, Surxondaryo viloyati bo‘yicha DXX boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ishtirokida operativ tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida 2005 va 2006-yillarda tug‘ilgan ikki mahalliy aholi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish va Tojikiston Respublikasidan 20 kg 374 g afyun va 41 kg 668 g gashish olib kirishga urinishda qo‘lga olindi.
Operativ harakatlar davom ettirilib, natijada ularning hamkorlari — 2000 va 2004-yillarda tug‘ilgan Uzun tumani aholisidan ikki kishi, shuningdek, giyohvandlik partiyasining buyurtmachisi — 2000-yilda tug‘ilgan Denov shahri aholisi qo‘lga olindi.
Voqea bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari o‘tkazildi. Uzun tuman sudining jinoiy ishlar bo‘yicha hukmi bilan ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining 223, 246 va 273-moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. Ularning har biriga 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yana eslatmoqda: jinoyat uchun jazo muqarrar, hech qanday holatlar bunday harakatlarni oqlay olmaydi.
Source: kun.uz