"Uzatom" Agentligida Vengriya davlat kompaniyasi MVM EGI Zrt. delegatsiyasi bilan ishchi uchrashuv bo'lib o'tdi, unda O'zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish bo'yicha hamkorlik va shartnoma jihatlari ko'rib chiqildi.
Foto: Uzatom
Joriy yilning 16-fevralida "Uzatom" agentligida agentlik direktori rahbarligida Vengriya davlat kompaniyasi MVM EGI Zrt. delegatsiyasi bilan ishchi uchrashuv bo'lib o'tdi. Delegatsiyaga bosh direktor Peter Karpati va loyiha direktori P.N. Bezrukov boshchilik qildi.
Tomonlar O'zbekiston hududida zamonaviy integratsiyalangan atom elektr stansiyasi qurish loyihasi doirasidagi hamkorlikning joriy bosqichi haqida batafsil muhokama qildi.
Muzokaralar davomida loyihaning barcha ishtirokchilarining sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirishga alohida e'tibor qaratildi. Bu asosiy yo'nalishlar bo'yicha jarayonlarni barqaror va samarali tashkil etishga imkon berishi ta'kidlandi.
Shuningdek, O'zbekistonda uskunalar va komponentlarni ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish istiqbollari muhokama qilindi. Bu yo'nalish milliy yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish va mamlakat ichida barqaror kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan strategik ahamiyatga ega vazifa sifatida belgilandi.
Uchrashuv O'zbekiston va Vengriya o'rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida yuqori darajadagi ishonch va o'zaro tushunishni yana bir bor tasdiqlagani ta'kidlandi. Tomonlar ochiq sheriklik tamoyillariga sodiqligini va ilg'or texnologiyalarni faol o'tkazishga intilishlarini bildirdi.
Muzokaralar natijasida shartnoma majburiyatlari bilan bog'liq masalalarga alohida e'tibor bilan faol muloqotni davom ettirish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Source: kun.uz