Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni oshirish va moliyaviy sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 30-aprel kuni prezidentga o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxt va butalarni noqonuniy kesish, atmosferaga chiqarilayotgan tashlanmalar me’yorini oshirish, qurilish maydonchalaridan chang va qum zarralari tarqalishi hamda chiqindilarni belgilanmagan joylarda yoqish uchun ta’sirchan choralar joriy etilishi ta’kidlandi.

Ma’muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lovlarini yagona moliyaviy sanksiyaga birlashtirish taklif etildi. Agar korxona aybini tan olsa, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi sanksiyani mustaqil qo‘llashi mumkin bo‘ladi. Nizoli holatlarda masala sudda ko‘rib chiqiladi.

Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida davlat rahbari ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzolaganini ma’lum qildi.

Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, aholi va OAV tomonidan avval qabul qilingan choralar va moratoriylarning samaradorligi yetarli emasligi tanqid qilingan. Daraxtlarni noqonuniy kesish va shag‘al qazib olish holatlari takrorlanishda davom etgan. Bunga jarima miqdorlarining pastligi asosiy sabablardan biri bo‘lgan.

“Ochig‘ini aytganda, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganlarning aksariyati 300 ming so‘mdan 1,5-2 mln so‘mgacha bo‘lgan arzimagan jarimalarni to‘lab qo‘ya qolishardi. Eng yuqori jarimalar 15-20 mln so‘mgacha yetardi, bu esa olinayotgan iqtisodiy va moliyaviy foyda bilan solishtirganda juda kam”, dedi u.

Shu munosabat bilan jarimalar miqdori bir necha barobarga oshiriladi. “Qabul qilingan hujjat shuni anglatadiki, uch oydan so‘ng O‘zbekistonda ekologik huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar mexanizmi joriy etiladi”, dedi Abduhakimov.

Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Xurshid Pirovning ma’lum qilishicha, yangi hujjat bilan yuridik shaxslarga nisbatan ekologik huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llash mexanizmi kiritilmoqda. Jarima miqdorini belgilashda tabiatga yetkazilgan real zarar hisobga olinadi.

“Misol uchun, agar yetkazilgan zarar miqdori qariyb 200 mln so‘mni tashkil etsa, jarima o‘n barobargacha oshirilib, 2 mlrd so‘mgacha etib belgilanishi mumkin”, deya tushuntirdi u.

Huquqbuzarliklarning ayrim turlari uchun turli koeffitsiyentlar ko‘zda tutilgan. Daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni noqonuniy qazib olganlik uchun sanksiya yetkazilgan zararning uch baravari miqdorida belgilanadi. Oqova suvlarni talablarni buzgan holda oqizish uchun kompensatsiya miqdorining o‘n baravari, kam qimmatli daraxt turlarini kesganlik uchun zararning besh baravari, qimmatbaho navlarni kesganlik uchun esa o‘n baravari miqdorida jarima solinadi.

Atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarish me’yorlarini oshirib yuborganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari besh baravarga oshiriladi. Shuningdek, korxonalar uchun javobgarlik darajasi tabaqalashtiriladi: obyekt toifasi qanchalik yuqori bo‘lsa, jarima koeffitsiyenti ham shunchalik yuqori bo‘ladi.

Qurilish obyektlaridagi qoidabuzarliklar uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda — to‘lovlar uch baravarga oshadi. Chiqindi, rezina, shina va taqiqlangan materiallarni yoqqanlik uchun esa besh baravarga. Xuddi shunday choralar chiqindilarni joylashtirish, tashish va utilitsatsiya qilishdagi qoidabuzarliklar uchun ham nazarda tutilgan.

Sanksiyalarni qo‘llash huquqi ekologik nazorat inspektorlari va ekopolitsiyaga beriladi. Agar jarima bir oy ichida to‘lanmasa, mablag‘larni majburiy tartibda undirish uchun hujjatlar sudga yuboriladi.

“Asosiy maqsad — biznesni jazolash emas, balki ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, atrof-muhitga yetkaziladigan zararni kamaytirish va tabiatni kelajak avlodlar uchun asrab qolishdir. Hujjat profilaktik xususiyatga ega. Biroq, ogohlantirishlardan keyin ham huquqbuzarliklar takroran sodir etilsa, yanada qattiqroq javobgarlik choralari qo‘llaniladi”, deya ta’kidladi Xurshid Pirov.

Eslatib o‘tamiz, 7-aprel kuni senatorlar ekologik huquqbuzarliklar uchun jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan edi. Unda jarimalarni bir necha barobarga oshirish, yuridik shaxslar uchun sanksiyalar tizimiga o‘tish hamda rezina va plyonkalarni yoqqanlik uchun javobgarlik belgilash ko‘zda tutilgan. Yangi chora-tadbirlar “jarima to‘lash osonroq” degan amaliyotga chek qo‘yishga yordam berishi kerak.

Source: www.gazeta.uz