Qashqadaryo viloyatida odam savdosi bilan shug‘ullanib kelgan guruhning navbatdagi rejasi fosh etildi, deb xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.
Gumondor shaxs qizlarni katta mablag‘ va’dasi bilan aldab, xorijga yuborish va ularni fohishalikka jalb etish bilan shug‘ullanib kelgan.
Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida gumondor muqaddam qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish, bezorilik va noqonuniy qurol saqlash jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgani aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida u Qarshi shahrida yashovchi M.N. ismli ayolning ishonchiga kirib, xorijda oson va katta daromad topishga ishontirgani ma’lum bo‘ldi. Gumondor ayolni Turkiyaning Istanbul shahridagi spa-salonlar va mehmonxonalarda mijozlarga intim xizmat ko‘rsatish orqali kuniga 12 ming liragacha (taxminan 270 dollar) daromad topish mumkinligiga ishontirgan. Shuningdek, ishlab topilgan mablag‘ning 50 foizini o‘ziga berish sharti bilan aviachipta xarajatlarini qoplab berishini va’da qilgan.
Ma’lum qilinishicha, ayolni chet davlatga olib chiqib ketish arafasida barcha hujjatlar rasmiylashtirilgan va yo‘lga chiqish uchun so‘nggi tayyorgarlik ishlari olib borilgan. Shu paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida guruh a’zolari Toshkent xalqaro aeroporti hududida jabrlanuvchini Turkiyaga jo‘natishga urinayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan gumondorga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “k” bandi (Fohishalik bilan shug‘ullanishga jalb etish maqsadida sodir etilgan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda ikki ayol chet elda ishlash istagida bo‘lgan uch fuqaroni aldab, BAAga fohishalikka yuborayotganda qo‘lga olingan edi. Ular Toshkent aeroportiga ketayotgan vaqtida Boysun tumanidagi “Darband” postida ushlangan. Holat yuzasidan odam savdosi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish chorasi ko‘rilmoqda.
Source: www.gazeta.uz