Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

So‘nggi besh yil davomida Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik 2026-yil fevralida ochiq qurolli mojaroga aylangan. Gazeta janglar shiddatining ortishi, zarbalar geografiyasining kengayishi va tinch aholi qurbonlarining ko‘payishi bilan kuzatilayotgan dinamikani o‘rgandi.

2021-yil avgust oyida Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatga qaytganidan so‘ng, Kobul va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Chegara xavfsizligi va qurolli guruhlarning faoliyati borasidagi kelishmovchiliklar asosiy sabab bo‘ldi. Pokiston muntazam ravishda “Texrik-i-Tolibon Pokiston” jangarilari Afg‘oniston hududidan harakat qilayotganini da’vo qiladi, Afg‘oniston esa bu ayblovlarni rad etadi.

Mojaroning yana bir omili Dyurand chizig‘idir. Bu ikki davlat o‘rtasidagi de-fakto chegara, lekin Afg‘oniston uni xalqaro miqyosda tan olmaydi. Ushbu chiziq atrofidagi kelishmovchiliklar, jumladan, Pokistonning chegara infratuzilmasini mustahkamlash urinishlari, bir necha bor nizolarga sabab bo‘lgan.

2021-yil oxirida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilik epizodlari, masalan, chegara to‘siqlarining o‘rnatilishi va o‘tish punktlaridagi hodisalar qayd etila boshladi. 2022-yilda chegara bo‘ylab hujumlar va otishmalar davom etdi, bu siyosiy keskinlikning qurolli to‘qnashuvlar bosqichiga o‘tganini ko‘rsatdi.

Bu davrda keskinlik tizimli tus oldi. Pokiston muvaqqat bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar toliblarni jangarilarni yashirishda va “Texrik-i-Tolibon Pokiston”ga yordam berishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokistonda terrorizm darajasi 60 foizga oshgan, 2300 dan ortiq odam halok bo‘lgan. 2023-yilda Pokistondagi 24 ta xudkushlik hujumidan 15 tasi afg‘onlar tomonidan amalga oshirilgan.

Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida muntazam chegara mojarolari va otishmalar kuzatildi; tomonlar hujumlar ko‘payganini qayd etib, bir-birini provokatsiyalarda aybladi. Afg‘oniston tinch aholining o‘limida Pokistonni aybdor qildi, Pokiston esa zarbalarni jangarilarga qarshi kurash bilan izohladi.

Kuzda yirik to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Pokiston birinchi marta Kobulga havodan zarbalar berdi. Qatar, Turkiya va Saudiya Arabistoni vositachilik qildi, ammo kelishuvlar qisqa muddatli bo‘ldi. Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ikkita asosiy nazorat-o‘tkazish punkti—Torxam va Chaman—yopildi, yuzlab yuk mashinalari chegaraning ikki tomonida to‘xtab qoldi.

21-22-fevralda Pokiston Afg‘onistonning sharqiy viloyatlaridagi nishonlarga aviazarbalar berib, jangarilar lagerlariga hujum qilayotganini ma’lum qildi. O‘nlab qurbonlar, jumladan tinch aholi haqida xabar berildi.

24-fevralda zarbalardan so‘ng chegarada keng ko‘lamli otishmalar boshlandi; tomonlar bir-birini “sababsiz o‘t ochish”da aybladi.

26-27-fevralda Afg‘oniston Pokiston obektlariga “javob zarbalari” e’lon qildi. Pokiston operatsiyani kengaytirib, Kobul va boshqa shaharlarga zarbalar berdi. Islomobod amalda “ochiq urush”ga o‘tilganini e’lon qildi.

1-6-martda janglar chegaraning o‘nlab nuqtalarini qamrab oldi; artilleriya va o‘qotar qurollardan foydalanildi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘z turar joyini tark etishga majbur bo‘lganlar soni 100 mingdan oshdi. Shiddatli to‘qnashuvlar butun chegara chizig‘i bo‘ylab davom etdi.

13-17-martda yangi aviazarbalar va o‘qqa tutishlar, jumladan, Kobul va mamlakat janubiga berilgan zarbalar haqida xabar berildi. Eskalatsiyaning eng yirik epizodi—Afg‘oniston poytaxtidagi obyektga berilgan zarba bo‘ldi. Toliblar ushbu bino giyohvandlikka qaram bo‘lganlarni reabilitatsiya qilish markazi ekanini da’vo qildi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida 140 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Afg‘oniston rasmiylari qurbonlar soni 400 dan ortiq ekanini ta’kidladi. Pokiston bu ma’lumotlarni rad etib, zarba harbiy obyektlar va terrorchilarni qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilmaga berilganini ma’lum qildi.

18-martda Pokiston Ramazon oyining yakuni va Hayit bayrami munosabati bilan harbiy operatsiyalarda vaqtinchalik tanaffus e’lon qildi. Ushbu qaror xalqaro hamjamiyatning chaqiriqlaridan so‘ng qabul qilindi. Tinchlik o‘rnatilgan qisqa vaqt davomida mojaroning gumanitar oqibatlari namoyon bo‘ldi: ommaviy qabrlar, vayronagarchiliklar va qochqinlar sonining ortishi (100 mingdan ortiq kishi).

Hozirgi vaqtda jangovar harakatlar o‘zaro zarbalar va chegara to‘qnashuvlari shaklida davom etmoqda. Mojaro lokal bo‘lsa-da, yuqori shiddat va beqaror dinamikani saqlab qolmoqda.

Source: www.gazeta.uz