Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi harbiy kampaniyani, agar Hurmuz bo‘g‘ozi kemalar qatnovi uchun yopiq qolsa ham, to‘xtatishga tayyor ekanini o‘z yordamchilariga ma’lum qilgan. Wall Street Journal (WSJ) gazetasi prezident ma’muriyati vakillariga tayanib, Tramp va uning maslahatchilari bo‘g‘ozni blokdan chiqarishga urinish mojaroni rejalashtirilgan to‘rt-olti haftadan ko‘proqqa cho‘zib yuboradi degan xulosaga kelganini yozmoqda.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp AQSh asosiy maqsadlarga erishishi kerak demoqda — ya’ni Eron harbiy-dengiz flotini zaiflashtirish va raketa zaxiralarini yo‘q qilish, shundan so‘ng harbiy harakatlarni to‘xtatib, Tehronga erkin savdoni tiklash uchun diplomatik bosim o‘tkazish lozim. Agar bu muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, AQSh Yevropa va Fors ko‘rfazi davlatlariga bo‘g‘ozni ochish harakatlariga boshchilik qilishlari uchun bosim o‘tkazadi. Nashr manbalarining ta’kidlashicha, Tramp harbiy variantlarni ham ko‘rib chiqishi mumkin, biroq ular hozirda uning ustuvor vazifasi emas.

“Bo‘g‘oz qanchalik uzoq vaqt yopiq qolsa, bu jahon iqtisodiyotini shunchalik kuchli beqarorlashtiradi va benzin narxini oshiradi. Ko‘plab mamlakatlar, shu jumladan, AQSh ittifoqchilari ham bir vaqtlar bo‘g‘oz orqali to‘siqsiz o‘tgan energiya resurslari yetkazib berilishining pasayishidan zarar ko‘rmoqda. Oziq-ovqat yetishtirish uchun o‘g‘itlarga yoki kompyuter chiplarini ishlab chiqarish uchun geliyga bog‘liq bo‘lgan tarmoqlar taqchillikni boshdan kechirmoqda”, deb ta’kidlaydi WSJ. Nashr suhbatlashgan tahlilchilarning fikricha, xavfsiz kema qatnovi tez fursatda tiklanmas ekan, to AQSh va uning ittifoqchilari Eron bilan kelishuv imzolamaguncha yoki inqirozni kuch ishlatish yo‘li bilan bartaraf etmaguncha, Tehron jahon savdosiga tahdid solishda davom etaveradi.

Tramp ma’muriyati AQShning ilk zarbalaridan keyin Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishi mumkin bo‘lgan ssenariyni hisoblab chiqqan edi. Biroq Eron dengiz minalarini o‘rnatib, tankerlarga hujum qilish bilan tahdid qilgach, kemalar qatnovi amalda to‘xtab qoldi, deb yozadi WSJ. Avvalroq Tramp kema qatnovi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarni tavakkal qilishga va bo‘g‘oz orqali o‘tishda davom etishga chaqirgan edi. Bu yordam bermagach, Oq uy rahbari Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilishga o‘tdi.

22-mart kuni Tramp agar Tehron Hurmuz bo‘g‘ozini 48 soat ichida ochmasa, Eron elektr stansiyalariga zarba berish bilan tahdid qilgandi. Keyinroq u zarbalarni avval besh kunga, so‘ngra 10 kunga kechiktirdi va o‘z qarorini mamlakatlar o‘rtasida tinchlik muzokaralari boshlangani hamda ular “yaxshi ketayotgani” bilan izohladi. 30-mart kuni Tramp agar Tehron yaqin orada Vashington bilan kelishuv tuzmasa va Hurmuz bo‘g‘ozini “zudlik bilan” ochmasa, Erondagi barcha elektr stansiyalari va neft quduqlarini portlatib yuborish va “butunlay” yo‘q qilish bilan tahdid qildi.

Washington Post gazetasi avvalroq Pentagon Eronda bir necha haftadan ikki oygacha davom etishi mumkin bo‘lgan quruqlikdagi amaliyotlarga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozgan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, har qanday ehtimoliy quruqlikdagi kampaniya to‘liq miqyosli bosqin bo‘lmaydi. U maxsus operatsiya kuchlari va oddiy piyoda qo‘shinlari tomonidan o‘tkaziladigan reydlarni o‘z ichiga olishi mumkin. AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga zarba berishni boshlagandi. Tehron deyarli darhol jahon neftining 15−20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning 30 foizidan ortig‘i o‘tadigan Hurmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi. Kemalar qatnovining to‘xtashi neft narxining keskin ko‘tarilishiga olib keldi.

Source: www.gazeta.uz