Keniyaning Kericho shahrida yashovchi 33 yoshli Lona Chepkemoy 2023-yilda texnik kollejga o‘qishga kirganida, u maktab yillarida kamdan-kam boshidan kechirgan narsani his qildi: o‘qituvchining aytganlarini tushunardi.
Chepkemoy 2008-yilda boshlang‘ich maktabni tugatgach, yakuniy imtihondan o‘ta olmagan va oilasi uni o‘rta maktabga yuborishga qurbi yetmagan. Yillar davomida moda dizayneri bo‘lish orzusi amalga oshmaydigan bo‘lib tuyulgan.
Mahalliy parlament a’zosining stipendiyasi unga ikkinchi imkoniyat berdi. Ammo uni hayratga solgan narsa ta’limga qaytish emas, balki darslarning qisman uning ona tilida – kalenjin tilida olib borilishi edi.
“Kollejga kelganimda o‘zimni uydagidek his qildim, chunki dars tili ona tilim [kalenjin] bo‘lib, unga ozgina suahili va ingliz tili aralashgan edi. Maktabda esa o‘qituvchilar faqat ingliz tilida dars berishar va imtihonlar faqat ingliz tilida o‘tkazilardi. Bu yerda til moslashuvchan edi va men tushunchalarni juda yaxshi angladim”, – deydi u.
UNESCOning Global Ta’lim Monitoringi (GEM) hisobotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab o‘quvchilarning taxminan 40 foizi o‘zlari yaxshi tushunmaydigan tilda o‘qitiladi, ba’zi past va o‘rta daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 90 foizga yetadi.
Keniyada ta’lim siyosati boshlang‘ich maktabning dastlabki yillarida (3-sinfgacha) ona tilida o‘qitishni nazarda tutadi, keyin 4-sinfdan boshlab ingliz tili asosiy tilga aylanadi. Amalda esa mintaqa, o‘qituvchi imkoniyatlari va o‘quvchilarning kelib chiqishiga qarab tillar o‘zgarib turadi.
Chepkemoyning eri Filemon Tonuy ham shu kollejda qurilish yo‘nalishida o‘qigan. U o‘rta maktabni tugatgan bo‘lsa-da, imtihon to‘lovlarini to‘lay olmagani uchun sertifikat ololmagan. Kalenjin tilining qo‘llanilishi unga katta yordam bergan.
28 yoshli g‘isht teruvchi Ismoil Kiplang‘at esa o‘qituvchilar darslarni deyarli uch tilda takrorlab, barcha talabalar tushunishiga harakat qilganini eslaydi. Hozirda u ingliz tilini kunlik mashq qiladi, chunki chet elda o‘qish va ishlashni rejalashtirgan.
Keniya Texnik Ta’lim Muassasalari Assotsiatsiyasi raisi Shadrak Tonuyning ta’kidlashicha, muammo tillar o‘rtasida tanlov qilish emas, balki ularni muvozanatlashdir. U ingliz tilining mehnat bozoridagi ahamiyatini ta’kidlaydi.
Chepkemoy siyosatdan ko‘ra amaliyotga e’tibor qaratadi. Uning mijozlari asosan kalenjin tilida gaplashadi, suahili esa kengroq mijozlar bilan muloqot qilish imkonini beradi.
Source: www.aljazeera.com