Xitoyning Szyasin Nanyan politexnika institutida o'zbekistonlik talabalar uchun ikki va uch yillik ta'lim dasturlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi. Ma'lum qilinishicha, ushbu tashabbus doirasida Xitoy tomonining moddiy ko'magi ham ko'zda tutilgan bo'lib, ta'lim sun'iy intellekt, yangi energetika hamda muhandislik kabi dolzarb yo'nalishlarni qamrab olishi rejalashtirilgan.
«Dunyo» axborot agentligining xabar berishicha, O'zbekistonning Shanhaydagi konsulxonasi diplomatlari Chjetszyan provinsiyasiga amalga oshirgan safari davomida mazkur o'quv yurtining prorektori Livey Fen bilan uchrashuv o'tkazgan. Muzokaralar chog'ida akademik almashinuv, o'zbekistonlik yoshlar uchun uzoq muddatli ta'lim dasturlarini tashkil etish, shuningdek, talaba va o'qituvchilar uchun qisqa muddatli kurslarni yo'lga qo'yish masalalari atroflicha ko'rib chiqilgan.
Ta'kidlanishicha, ta'lim jarayonini faqat nazariya bilan cheklanib qolmasdan, amaliyot bilan uzviy bog'lashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, o'zbekistonlik talabalarning Szyasin shahridagi yetakchi ishlab chiqarish korxonalari, tibbiyot muassasalari, metropoliten va temir yo'l vokzallarida kasbiy tajriba orttirishi ko'zda tutilgan. Shuningdek, 2026-yil noyabr oyida Livey Fen boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan bo'lib, u yerda mamlakat texnikumlari bilan hamkorlik mexanizmlarini muhokama qilish va tegishli kelishuvlarni imzolash kutilmoqda.
Source: kun.uz