Farg'ona shahridagi 66-sonli davlat bolalar bog'ida 6 yoshli bolaning yer osti yuqori kuchlanish transformatori punktiga yiqilib, elektr toki urishi natijasida og'ir kuyishlar olgani haqida xabar berildi. Bola hozirda kasalxonada davolanmoqda.
Bola 18-fevral kuni bog' hududida o'ynab yurganida, transformator punktiga tushib qolgan. O'tgan yili foydalanishga topshirilgan bog'da bu xavfli joy maxsus to'siqlar bilan o'ralmagan, eshik oddiy polietilen bilan yopilgan edi.
Bino qurilishida ishtirok etgan korxona rahbari Kun.uz ga bergan intervyusida, loyihada to'siq ko'zda tutilmaganligini, ammo punktni yopish kerak bo'lganini va xodimlarning beparvoligi sabab bo'lganini aytdi.
O'zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov 26-fevral kuni bu holat bo'yicha 116-moddaga (kasbiy majburiyatlarni to'g'ri bajarmaslik) asosan jinoiy ish qo'zg'atilganini ma'lum qildi. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.
Source: kun.uz