2026-2028-yillarda O‘zbekistonda mahalliy qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari ishlab chiqarish hajmini besh barobarga, mahalliylashtirish darajasini esa 10 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 23-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha prezident matbuot xizmati xabar qildi.
2026-yilda texnika ishlab chiqarish hajmini 6000 donaga yetkazish, 2028-yilgacha mahalliylashtirish darajasini o‘ziyurar texnikalar uchun 30-35 foizga, osma va tirkama texnikalar uchun 60-65 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
“O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisining innovatsiyalar va investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Davron Hidoyatov texnika ishlab chiqarishni 3200 donadan 5780 donaga oshirish rejalashtirilganini aytdi. Biroq yig‘ilishda quvvatlardan 70 foiz darajasida foydalanish vazifasi qo‘yildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu rejani qayta ko‘rib chiqib, texnika ishlab chiqarish hajmini yiliga 7000 donagacha oshirish, barcha resurslarni safarbar qilish va narxlarni pasaytirish talab etiladi.
“Asosiy raqobatchilarimiz xorijiy davlatlar texnikalari. Masalan, 80 ot kuchiga ega texnika ularda 300 mln so‘m tursa, biz mahalliylashtirishni oshirish hisobiga narxni 259 mln so‘mgacha pasaytirishga muvaffaq bo‘ldik. Bu hali chegara emas, ishlar davom etmoqda. 2027-yilga borib 14 ming dona texnika ishlab chiqarish maqsadi qo‘yilgan. Buning uchun barcha imkoniyat va resurslar mavjud”, dedi Davron Hidoyatov.
U Qoraqalpog‘iston, Xorazm viloyati hamda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidagi tajribani keltirdi — u yerda fermerlarga ikkitadan traktor va tirkama texnika berilgan. Bu mexanizatsiya darajasini 90 foizga yetkazish, sholi hosildorligini 18 foiz, bug‘doy hosildorligini 27 foiz, paxta hosildorligini esa 25 foizga oshirish imkonini bergan. Umumiy daromad 5,4 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, Turin politexnika universiteti va Germaniyaning CLAAS mashinasozlik kompaniyasi bilan hamkorlikda har yili 1000 nafargacha talabani qabul qiladigan mutaxassislar tayyorlash akademiyasi tashkil etilishi xabar qilindi.
2023-yilda Chirchiqdagi qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasteri traktorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edi. 2026-yil aprelga qadar qishloq xo‘jaligi texnikasi importi bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingan.
Texnika va agregatlar xaridini subsidiyalashning amaldagi tartibi faqat mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan yuqori bo‘lgan mashinalarga nisbatan qo‘llaniladi. Taqdimotda eng xaridorgir bo‘lgan uch turdagi import texnikasi uchun ham subsidiya joriy etish taklif qilindi. Umuman, bu yil texnika qiymatining 15 foizini qoplash uchun 660 mlrd so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov o‘tgan yili zamonaviy texnikalar xaridi uchun 250 mln dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, joriy yilda moliyalashtirish hajmini 400 mln dollarga yetkazish rejalashtirilayotganini aytdi.
“Bundan tashqari, subsidiyalarga 1 trln so‘m, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga esa yana 200 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Bu soha uchun katta imkoniyatlar ochadi. Fermerlarga mavjud texnikasini yangilash, yangisini sotib olish va o‘z xo‘jaligini rivojlantirish uchun real imkoniyat berilmoqda”, dedi Alisher Shukurov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil yana 800 ta paxta terish mashinasi yetkazib berish rejalashtirilgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida qo‘llaniladigan barcha turdagi texnikalarni, jumladan, sabzavotchilik, bog‘dorchilik uskunalari va boshqa mexanizatsiyalashgan tizimlarni moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
“Agrobank” qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun 3,9 trln so‘mgacha kreditlar ajratadi.
Bundan tashqari, har bir hududda qishloq xo‘jaligi agenti ishtirokida bittadan agroxizmat ko‘rsatish hududini tashkil etish topshirildi. U yerda fermerlar bank va konsalting xizmatlaridan, tuproq monitoringi va tahlili, ko‘chat yetkazib berish servislaridan, agronomlar maslahatlaridan foydalanishlari hamda o‘quv kurslari haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.
Source: www.gazeta.uz