Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 15 oktyabr kuni o'tkazilgan maxsus marosimda Yaponiyaning Ajinomoto Group kompaniyasi o'z mahsulotlarini O'zbekiston bozoriga olib chiqishini e'lon qildi. Tadbirda Yaponiya elchisi Kendzi Xirata, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari Nurmat Atabekov, shuningdek, universitet o'qituvchilari va talabalari ishtirok etdi. Elchining so'zlariga ko'ra, o'zbek milliy taomlari o'zining boy gastronomik madaniyati bilan ajralib turadi va bu yerda beshinchi ta'm deb ataluvchi "umami" muhim rol o'ynaydi.
Marosim davomida Tokio universiteti ijrochi vitse-prezidenti Siniti Okosi "umami" ta'mining kelib chiqish tarixi haqida ma'lumot berdi. Ma'lum qilinishicha, 1908 yilda yapon kimyogari Kikunae Ikeda kombu suvo'tlaridan tayyorlangan bulonda o'ziga xos ta'mni payqab, undan glutamatni ajratib olgan va uni "umami" deb atagan. Bir yil o'tgach, dunyodagi ilk "AJI-NO-MOTO®" ziravori yaratilgan bo'lib, kompaniya shu tariqa Markaziy Osiyo bozoriga ham qadam qo'ymoqda.
Ajinomoto Co., Inc. kompaniyasining regulyator fanlar bo'yicha katta maslahatchisi Ana San Gabriel mahsulotning xavfsizligiga alohida to'xtaldi. Uning ta'kidlashicha, ziravor tarkibidagi glutamat pomidor, pishloq yoki ko'krak sutidagi moddalardan farq qilmaydi va AQShda 1958 yildan beri xavfsiz deb tan olingan. Mutaxassisning fikricha, mazkur ziravor yordamida mastava kabi an'anaviy taomlardagi tuz miqdorini kamaytirib, muvozanatli ta'mni saqlab qolish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, tadbirda tuz iste'moli va sog'liqqa ta'siri masalalari muhokama qilindi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo'mitasi vakili Nurmat Atabekovning aytishicha, O'zbekistonda kattalar uchun tavsiya etilgan kunlik 5 gramm tuz o'rniga 15-20 grammgacha iste'mol qilinishi kuzatilmoqda, bu esa salomatlikka salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Agar tuzning bir qismi natriy glutamati bilan almashtirilsa, taomdagi natriy miqdorini 20-30 foizga kamaytirish mumkinligi ta'kidlandi.
Source: www.uznews.uz