O‘zbekistonda Ramazon oyi 2026-yil 19-fevraldan boshlanishi rasman e’lon qilindi.
Foto: Kun.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev "Muborak Ramazon oyini munosib nishonlash to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining 2026-yilda Ramazon oyi 19-fevraldan boshlanishi haqidagi ma’lumoti ma’lumot uchun qabul qilindi.
Qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari va Toshkent shahar hokimligiga Ramazon oyini milliy an’analar va qadriyatlar asosida nishonlashni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
Ushbu ishlar Din ishlari qo‘mitasi, O‘zbekiston Mahalla jamg‘armasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston nafaqaxo‘rlarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda olib boriladi.
"Ramazon – rahm-shafqat, birdamlik va minnatdorchilik oyi" mavzusi ostida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi:
• kam ta’minlangan oilalar, muhtoj shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarga har tomonlama yordam ko‘rsatish;
• mahallalarni o‘zaro hurmat, birlik, adolat va ma’naviy tarbiya markazlari sifatida mustahkamlash;
• yer, suv, havo va tabiiy muhitni muhofaza qilish, shuningdek, muqaddas joylar, ziyoratgohlar va qabristonlarni yaxshilash;
• Ramazon bilan bog‘liq tadbirlarni ixcham, mazmunli va tejamkor tarzda tashkil etish, isrof va behuda sarflashning oldini olish.
Source: kun.uz