2025-yil avgust oyida Uzun tumanida Tojikistondan 20 kg 374 g afyun va 41 kg 668 g gashish noqonuniy olib kirishda gumon qilinayotgan 5 kishi qo'lga olindi. Sud qarori bilan ularning har biriga 15 yil qamoq jazosi berildi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Kontrabanda va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash doirasida 2025-yil avgust oyida Uzun tumanida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo'shinlari, Surxondaryo viloyati bo'yicha DXX boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari ishtirokida operativ tadbir o'tkazildi.
Tadbir davomida 2005 va 2006-yillarda tug'ilgan ikki mahalliy aholi vakili davlat chegarasini noqonuniy kesib o'tish va Tojikiston Respublikasidan 20 kg 374 g afyun va 41 kg 668 g gashish olib kirishga urinishda qo'lga olindi.
Operativ harakatlar davom ettirilib, natijada ularning hamkorlari — 2000 va 2004-yillarda tug'ilgan Uzun tumanining ikki aholisi, shuningdek, narkotik partiyasining buyurtmachisi — 2000-yilda tug'ilgan Denov shahri aholisi qo'lga olindi.
Voqea bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atildi, tergov harakatlari olib borildi. Uzun tuman sudining jinoiy ishlar bo'yicha qarori bilan ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining 223, 246 va 273-moddalari bo'yicha aybdor deb topildi. Ularning har biriga 15 yil qamoq jazosi belgilandi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yana eslatmoqda: jinoyat uchun jazo muqarrar, hech qanday holatlar bunday harakatlarni oqlay olmaydi.
Source: kun.uz