Vashington shahriga tashrifi doirasidagi biznes tadbirlari davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovichni, shuningdek, AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blekni qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Vashington shahriga tashrifining biznes dasturini davom ettirgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich va DFC bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan muzokaralar AQSh biznesi bilan savdo-investitsiya hamkorligini kengaytirishga kuchli turtki bergani ta’kidlandi.

Biznes kengashi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ustuvor loyihalarni tizimli ravishda ilgari surish uchun Investitsiya platformasini ishga tushirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Eksimbank bilan hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi. Bu yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish, yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.

DFC rahbariyati bilan suhbatda investitsiya hamkorligi mexanizmlarini mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Korporatsiyaning yirik milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish, moliya bozori va energetikani rivojlantirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston Prezidenti amerikalik tomonni Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.

Uchrashuv yakunida, davlat rahbarimiz ishtirokida, tashrif doirasida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida investitsiya platformasini yaratish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Source: kun.uz